IQROR

Uncategorized

O, ota makonim,
Onajon oʼlkam,
Oʼzbekiston, jonim toʼshay soyangga.
Senday mehribon yoʼq,
Seningdek koʼrkam.
Rimni alishmasman bedapoyangga.

Bir goʼsha suv boʼlsa, bir goʼsha qirlar,
Qancha yurtni koʼrdim, qancha taqdirlar.
Qayga borsam suyab, boshni tik tut deb,
Togʼlaring ortimdan ergashib yurar.

Koʼrdim suluvlarning eng faranglarin.
Yo xudbinman men, yo bir sodda kasman men-
Parijning eng goʼzal restoranlarin
Bitta tandiringga alishmasan men.

Na gapga koʼnayin,
Na til bilayin,
Koʼzdan uyqu qochdi, dildan halovat-
Uch kunda sogʼinsam nima qilayin,
Chala qolar boʼldi barcha sayohat.

Bildimki, baridan ulugʼi oʼzing,
Bildimki, yaqini shu tuproq menga.
Bahorda Baxmalda tugʼulgan qoʼzing,
Arab ohusidan azizroq menga.

Sen bilan oʼtgan kun bayramdir-bazm,
Sensiz bir on qolsam, rahmim keladi.
Seni bilganlarga qilaman taʼzim,
Seni bilmaslarga rahmim keladi.

Muhammad Yusuf