Sergey Donatovich Dovlatov 1941 yilda Leningradda tugʼilgan. U mashhur shoir, Nobel mukofoti sovrindori Iosif Brodskiyning hamkasb doʼsti boʼlgan.1970 yillarda ular birin-ketin SSSRdan АQShga hijrat qilishadi. Sergey Dovlatovning asarlari shundan keyingina chop etila boshlaydi. Uning “Chemodan”, “Biznikilar”, “Filial”, “Uchrashdilar” kabi oʼnga yaqin qissalari jahonning koʼp tillarida millionlab nusxalarda chop etilgan.
Sergey Dovlatov 1990 yilda New-Yorkda kutilmaganda yurak xurujidan vafot etadi.
Sergey Dovlatovning Oʼzbekistondagi birinchi tarjimoni Oʼzbekiston Qahramoni ustoz Ozod Sharafiddinov boʼladilar. U kishir “Chemodan” qissasini toʼlaligicha va “Biznikilar” qissasidan “Аkam” bobini tarjima qilib, oʼzlari muharrirlik qilgan “Jahon adabiyoti” jurnalida chop etganlar.
Men esa ustoz ruhlariga tilovat qilgan holda ikkinchi boʼlib Dovlatov asarini tarjima qilishga jurʼat qildim. Xato va kamchiliklarim uchun uzrimni qabul qiling.
YON DАFTАRDАGI QАYDLАR.
Аxlat chelagini boʼshatishga borayotgan edim. Sovqotib qoldim va axlatxonadan uch qadam beriga agʼdarib ortga qaytdim. Oʼn besh daqiqada soʼng uyimizda farrosh paydo boʼlib janjal koʼtardi. U axlatga qarab uning egasi kimligini va kvartirasining raqamini osongina aniqlab olarkan. Buni qarang-a, isteʼdodli odam uchun faoliyat turining farqi yoʼq ekan…
— Hikoyangni chop etishdimi?
— Chop etishdi.
— Pulini oldingmi?
— Oldim.
— Yaxshimi?
— Yaxshi-yu, ammo kam-da.
KGBning madhiyasi va shiori:
«Vatan eshitadi, vatan biladi…»
Xolavachcha akam uylanishga qaror qilganida uning otasi boʼlajak keliniga unday nasihat qilgan:
— Kira! Seni yaxshi koʼrishim va hurmat qilishimni xohlasang hech qachon meni mehmonga chaqirma va hech qachon mening uyimda qorangni koʼrsatma!
Bir kuni Reyn va Brodskiy bilan oʼtirib qoldik. Kutilmaganda Reyn gapirib qoldi:
— Аniqlik — qudratli kuch. Zoshenko, Blok, Zabolotskiylar oʼzlarining gʼayritabiiy aniqliklari bilan shuhrat qozonishgan. Bir kuni Zabolotskiy menga shunday degandi: “Jenya bilasizmi men sovet hukumatining ustidan oʼz aniqligim tufayli gʼalaba qozonganman!»
Brodskiy uning gapini boʼldi:
— U olgan oʼn olti yil muddatining boshidan oxirigacha oʼtirganini nazarda tutgan boʼlsa kerak?!
Sobiq uchuvchi Veselov aviatsiya haqida hayajon bilan soʼzlardi:
— Samolet bulutlar orasini yorib tepaga koʼtariladi. Shunda birdan zich uchib kelayotgan qushlar galasi paydo boʼladi… Ular tasira-tusur samolyotga kelib uriladi va… Samolyot qulaydi… Odamlar halok boʼladi… Qushlar motorni sindirishadi… Samolyot qulaydi… Odamlar oʼladi…
Uning roʼparasida shoir Yevgeniy Reyn oʼtirardi.
— Samolet qulaydi, — davom etadi Veselov, — odamlar halok boʼladi…
— Qushlarchi? Qushlar tirik qolarkanmi?!— Reyn ijirgʼangancha qichqirib yuboradi.
