“Qoʼrqma” biroz murakkabroq asar. Unda Dard bor, Iztirob bor, Fikr bor, Maqsad bor, Tarix bor, Bugun-Erta bor, Fojea bor, Vatan bor, Muhabbat bor…
Аsarga bir yoqlama qarash notoʼgʼri, albatta. Unda muallifning Qalbi bor, yuragi bor urib turgan! Undagi ramzlar – bir ramzlar, xolos. Ularni istaganingizcha istasaganingizday taʼvil qilaverasiz. Lekin bunda eng muhimi – asarni HIS QILISh kerak! Uni hidlash kerak bahor gullari kabi, Saratonning quyoshi kabi kuyish kerak shiddat-la, kuz kabi hosillar (xulosalar) olish kerak undan, maza qilib muzlaysiz goʼyo qahratonda qolgan kabi…
Muammolar bisyor, bir chaqaga arzimaydigan muammolar, ahamiyatsiz va behuda. Oʼshalarni muammo deb atashning oʼzi uyatli. Bugun biz yoshlar siqilib-titilib yashnatayotgan “muammolar”, “dardlar”, “iztiroblar”…
100 yil avvalchi…
1922-yil Ulugʼ turkistonlik 70 talaba. Olmoniya – Vatan – Sadoqat – Fojea va… Oʼlim!
Bu yetmish talaba – muallif yuragining yetmish boʼlagi, u sening ham yuragingni yetmishga nimdalab tashlaydi. Yonasan ular xayollaridan, qovjiraysan ular umidlariday, qurib qolasan Orol dengizi boʼlib goʼyo…
Yozuvchi oddiy soʼz tanlamaydi. Oddiy ibora, oddiy tashbehlardan qochadi. Bobo, yetti amaki, “Ulugʼ Ustoz”, Qiztaka, Qoravoy, Telefonchi, eshak qurtlar, hatto Olmoniyada yoʼliqqan fohishagacha – barchasida iztirob hikoya qilinaveradi. Odamni oʼylashga majbur qiladi.
“Аmakilarim birin-ketin, pastdan tepaga qarab koʼmila boshlaydi”.
“Аchchiq-achchiq, bosib-bosib kulaman. Keyin kulgiga ham nafas yetmay qoladi”.
“Bir choʼmich umr”.
Haqiqatan kitob Turkistonni sogʼingan qalblar uchun achchiq-achchiq dard. Yana aytaman kitobni his qilish kerak, unda harflar yoʼq, unda soʼzlar yoʼq! Unda Qalb bor, ichi faqat dardga toʼlgan Qalb!
Barokoʼh poylaridan seni sogʼinaman, Turkiston!
Oq-bura suvlaridan seni soʼrayman, Turkistonim!
Oʼgʼlim nigohlarida seni koʼrgim keladi, ey Ulugʼ Vatan!
Ey, biz uchun oʼlimga-da tik borgan yetmish talaba! Yetmish boʼgʼinimning yetmish iztirobi! Ey, sadoqat-la xalq uchun himmat kamarini bogʼlagan talabalar!
Turkistonim yayrasin-yashnasin, yuksalsin deya talabalar oʼqishi uchun gadoylik ham qilgan ona, onajon xalqim! Bugun ularga mos boʼlolmagan bir avlod ekanim yurakni kuydiradi, alam doshqozonida qaynatadi odamni.