Cho‘l bo‘risi “Har bir tirilish koinotdan ajralish demakdir,… yangi shaklga kirish demakdir”.“Gunohsizlik -yaralmaganlik” H. Hesse.

Uncategorized

Inson mavjudlik olamida hayot ipini goh tarang, goh bo‘sh tortib yashar ekan, “anglash”ning oniy onida chaqnagan fikr yo nurga, yo zulmatga sababchi bo‘ladi.Bunda “men” bo‘y cho‘zsa-da, bo‘shliqni ko‘rgan shaxs jarga o‘z xohishi bilan boradi. Agar unda U bo‘lsa…

Hesse qahramonlarining kuchli psixikasi kitobxonga shu darajada yuqadiki, o‘ta e‘tiborsiz va hafsalasizlik xarakteringizga qo‘shilib qoladi (!) Aslida yozuvchi qahramon ruhiyatidagi chigalliklarni ichki kechinmalar va aqlning beayov kurashi jarayonida shakllantiradiki, bunda yuzaga chiqqan ikkixillik ( bunda ikki va undan ortiq ham bo‘lishi mumkin) yaxlit bir xarakterni shakllantiradi: Inson va Hayvon! Qahramon- Harri vujudida yashayotgan bo‘ri va inson to‘qnashuvi shunday murosaga kelganki, biri ikkinchisining yuzaga chiqishi uchun zamin yaratadi. Harri qalbida yashayotgan ikki xil obraz uni odamlardan uzoqlashtiradi va hayotiy ehtiyojlarga begonalashtirib, qobiq ichiga joylab qo‘yadi.Garchi ba‘zi chirkinliklar insonga/hayvonga to‘nkalgani holda vujud bitta!

“Eng aqlli va o‘qimishli odam ham dunyoni va o‘zini ( ko‘pincha o‘zini (!) ) doimo juda sodda, soddalashtirilgan va boshqacha tarzda aldovchi formulalar ko‘zoynagi orqaligina ko‘radi”.

Sharq adabiyotida o‘zlikka qaytish/anglanish, “men”ni tanish jarayoni ruhiy iztiroblar bilan (?) berilsa-da, komillik bosqichida “men”da – U tuyilishi insonga taskin berib, hayotiy faollikni yana-da mustahkamlasa( m: J. Rumiy), g‘arbda “men”ga qaytish/anglanish so‘nggida huvillagan bo‘shliqqa tikilgan shaxs uchun ajoyib yechim suitsid bo‘lib qoladi. Harri hayotida ham o‘limning har qadamda qo‘lida naqd turgani yashash uchun imkon beradi. Balki yozuvchi bunda kontekstdan unumli foydalanib , imkon va imkonsizlikning chegarasini ko‘rsatmoqchi bo‘lgandir… “Dunyoni dunyo emasdek, yashash ” uchun hayotiy qoida/me‘yorlardan biroz chetga chiqib, yo‘lga otlangan vujuding tahlilini bir ko‘zdan kechirishing kerakdir..

Qismati bitilgan kitobning tasodifan qo‘liga tushib qolishi Harri uchun o‘z tahlil jarayonini boshlagan bo‘lsa, o‘ta oddiy ko‘ringan jarayonlarni ham murakkab ranglarda ko‘rishi o‘z holatiga kuchli tanqidiy qarash, ruhiyatida parchalanishga, erksizlik va hafsalasizlikka olib boradi. Bunda afsuski, “na bolalikka, na bo‘rilikka bo‘lsin, olib horadigan yo‘l yo‘q”.

Hayotning ko‘zimizga bachkana ko‘ringan tomonlaridan qanchalik uzoqlashmaylik, unda so‘ng imkon, hayot va o‘lim o‘rtasidagi uzilmagan ip bo‘lishi mumkin.Zotan, Harri tutgan ip yengil hayot tomon boshlaydi. Qattiq, ayovsiz o‘z-o‘zini taftish qilishdan charchagan Harri uchun raqs, qizlar, bazmlar, muhabbat (?) ushbu yo‘lning boshi, keraksiz o‘ylardan chalg‘itadigan ajoyib yechim! Azaldan inson o‘zini kaltaklashdan ko‘ra, taqdirlashni yoqtirgan…

Yozuvchining avtobiografik asari bo‘lmish, ushbu voqealikda Hesse o‘zi uchun hayotiy imkonni qay darajada topganini bilmayman-u, ammo Harri qalbida tirishib, tirmashib yashash ishtiyoqini cheksiz miqdorda joylab qo‘yolgani tahsinga sazovor!

P.s. Qalbingizda bilinar/bilinmas istaklaringiz ortida yashiringan minglab qiyofalarni ko‘rsangiz e‘tiborsizlikka yo‘ygan oningizda, “men” yo‘qoladi. Qaytish istagida bo‘lsangiz, darmon uchun Rumiy, tahlilda esa Hesse yaxshi muolaja.

_______

“O‘z olamingni toraytirish, o‘z qalbingni soddalashtirish o‘rniga sen endi , ehtimol, oxiratga, abadiy olamga yetishish uchun yanada kengroq olamni butun dunyoni o‘zingning qayg‘u xasrat-la kengaygan qalbing, ko‘nglingga sig‘dirishingga to‘g‘ri keladi”.“Tangri tomon yo‘l ortga emas, balki oldinga, bo‘ri yoki bola tomon emas, balki yana gunoh, insonga aylanish tomon tobora chuqurroq olib boradi”.“Ibtidoda na ma‘sumlik , na bokiralik, na soddalik va na sofdillik bor. Yaralgan barcha mavjudot, hattoki eng oddiy, eng sodda ko‘ringani ham gunohkor va parchalanuvchandir”.