Kitob oʼqiganda uyqu bosishini qanday yengsa boʼladi?

Uncategorized

Аlbatta uyquchilikning sabablari koʼp: charchoq, kasallik, sof havo (kislorod) yetishmasligi, qorin ochligi (bu yaxshi bahona emas) va hokazo. Lekin uzoq vaqt kitob yoki uzun maqolalarni oʼqish koʼnikmasi yaxshi shakllanmagan kishilarda yuqoridagi sabablarsiz uyquga eltaveradi.
Oʼqish bu aqliy mehnat (ayniqsa uqib, tushunib, fikrlab, bahslashib, oʼrganib oʼqish). Аqliy mehnat inson organizmida eng koʼp quvvat yeydigan jarayon. Miya (nafs, deng) ortiqcha energiya sarf boʼlishiga yoʼl qoʼymaydi. Аgar xozir va bu yerda aqliy mehnat qilishga oʼtkir zaruratni koʼrmasa, miya bu ishingizni bloklashga urinadi:
Muzlatgich tomon yurgazib yuboradi
Hojatga birdan chaqirib qoladi
Eshmatga chatda jaob berishni esga soliadi
Tomorqada yer choptirgisi keladi
Idish tovoq yuvish va mebelь surishga ishtiyoqni kuchaytiradi
Feysbuk/telegramga tortib qoladi, yoki…
Uyqu gormonlarini qoʼzgʼatadi.
Bir soʼz bilan, aqliy zoʼriqishni sezib qolgan miyangiz energiya asrash rejimini yoqib oladi.
Аgar juda kuchli motivatsiya boʼlsa: masalan “hozir va bu yerda” kitob oʼqishga zarurat oʼtkir boʼlsa miyangiz faollik rejimini yoqib, sizni xoziroq oʼqishga majburlaydi. Аmmo bunday hollar oz. Xozirgi ishingiz bilan oladigan foyda oʼrtasidagi vaqt oragʼili uzunligi oʼrtacha miya uchun eng kam inobatga oladigan omil. Jismoniy ish yoki aqliy mehnatdan miya birinchisini tanlaydi. Uyqu uchinchi tanlov boʼlsa, albatta uyquni tanlaydi.
Uzoq vaqt davomida kitobga oʼqish koʼnikmasi bor odamlarda uzun matnlarni oʼqishdan erinmasliklariga sabab – ularning miyasi bu ishdan qoʼrqmaydi, aksincha oʼqishdan paydo boʼladigan lazzat gormonlaridan boʼlmish dofaminni ishlab chiqarib, undan rohat oladi. Miya lazzatni yaxshi koʼradi va undan energiya sarfini ayamaydi. Undan tashqari koʼp qaytarilgan ish miyaning koʼnikma tarmoqlarini baquvvatlashtirgan boʼladi, impulьslar tez oʼtishi osonlashgan, va shuning uchun ham unchalik quvvat koʼp talab qilinmaydi.
(shu joyiga kelib, uxlab qolmagan boʼlsangiz, ahvol unchalik yomonmas).
Xoʼp, miyajonimizni aqliy zahmatga oʼrgatish uchun nima qilish kerak?
Birinchidan,oʼqing! Uyqu bosyaptimi, mudrab oling. Bir ikki varraq oʼqishingiz bilan uxlab qolsangiz, uyquda boʼladigan miyaning “orqa fon aqliy jarayonlari” ishga tushadi. Yaʼni siz anglamagan holda oz boʼlsada yangi olingan maʼlumotlar miyaning boshqa tarmoqlari bilan aloqa oʼrnata boshlaydi. Аqliy mehnatda uyquning roli juda katda!
Ikkinchidan,oʼqish jarayonida qancha vaqtda uxlab qolayotganingizni yozib boring! Bu sizga motivatsiya boʼladi. Chunki har safar oʼqish davri uyqugacha uzayib borayotganini koʼrasiz. Koʼnikma qancha koʼp qaytarilsa uning neyron tolalari shunchalik baquvatlashib boradi.
Uchinchidan,oʼqishni boshlashdan oldin shu chorak soat, yarim yoki bir soat ichidan qancha masofa, yaʼni betlarni bosib oʼtishni oldindan belgilab, oʼzingiz bilan musobaqalashing. Masofa oʼtilgach oʼzingizni biron shirinlik bilan mukofotlang! Miya mukofot lazzatini yaxshi eslab qoladi va keyingi safar oʼzingizni oʼqishdan toʼsmaydi va aksincha bu ishga undaydi (“pomodorro” texnikasi eng zoʼr uslub). Roʼza vaqtda shirinlikni qoʼlingizga olib iftorlikka tayyorlab qoʼying, miyangiz sizga ishonadi, keyin unutmasangiz, bas.
Toʼrtinchidan, oʼqish jarayonida muallif bilan suhbatlashing: bahslashing, quloq soling, savollar bering.
Beshinchidan, oʼqishdan maqsadni aniq belgilang va uni yozib qoʼying. Koʼpincha maqsadni topish qiyin boʼlishi oʼqishdan toʼsib qoʼyish mumkin. Miyani mehnat qilmasligi uchun bahona yaratmaslik kerak. Tezda maqsad qoʼya olmasangiz, quyidagi savol-vazifalar qoʼl keladi:

  • Kitob/kitobning bobini, qismini/maqolani oʼqib boʼlib uchta (beshta) eng muhim foydali hulosalar nima boʼladi?
  • Oʼqilgan material haqida feysbukdagi “Kitobxonlar davrasi” guruhida nima yoza olaman?
  • Oʼqiyotgan material haqida otam, doʼstim, dushmanimga nima ayta olaman?
  • Muallifga nima deb xat yozishim mumkin?
    (uygʼoqmisizlar?).

Sodda qilib aytganda miyangiz parvoini uygʼotadigan qiziqish va yengil bezovtalikni uygʼotadigan maqsad va vazifalarni belgishingiz kerak. Bu vazifalar sizning hayotingiz, manfaatlaringiz va mashgʼulotlaringizga qanchalik yaqin boʼlsa shuncha yaxshi.