Konstantin Simonov (1915 — 1979) MENI KUTGIL

Uncategorized

Meni kutgil va men qaytarman,
Faqat kutgil, juda intizor,
Kutgil, yomgʼir zeriktirganda,
Meni kutgil, yoqqanida qor,
Аtrofingni harorat qoplab,
Yeru koʼkni chang tutganda, kut.
Boshqalarni uzatgan doʼstlar
Kechagina unutganda, kut.
Xat kelmasdan uzoq yerlardan,
Yuragingni qilganida qon,
Kutgil, senla birga kutganlar
Zerikkandan chekkanda figʼon.

Meni kutgil va men qaytarmen,
Boʼlsa hamki, ranging zaʼfaron,
Yoring qaytmas, umidingni uz,
Deganlarga tilama omon.
Mayli, oʼgʼlim, singlim, volidam,
Аza ochsin men yoʼq tufayli.
Kutaberib sabri tugagan
Yoru doʼstlar, oshnolar, mayli,
Аyriliqqa berolmasdan tob,
Аchchiq-achchiq ichsinlar sharob.
Koʼzlaringga toʼlsa hamki, yosh
Faqat sen kut va ayla bardosh.

Meni kutgil va men qaytarman,
Oʼlimlarni qoldirib dogʼda.
Ishi oʼngdan kepti desinlar
Kutmaganlar meni u chogʼda.
Yot tuyular kutmaganlarga,
Bunday ajib toleing saning.
Kuta-kuta meni ofatdan
Omon saqlab qolaolganing.
Qanday omon qolganligimni,
Yolgʼiz senga aytarman, sirdosh,
Kutaolding meni sen faqat,
Buyuk edi sendagi bardosh.

Hamid Olimjon tarjimasi