Uolter Tevis: Qirolichaning yurishi

Uncategorized

Ota-onasidan erta ayrilgan Elizabetni biqiq va zahmatga toʼla yetimxona hayoti qarshi oldi. “Mumkin”, “Mumkin emas” degan temir qoidalar, qatʼiy tartib-intizom ostida tarbiyalanayotgan qizaloq turli tazyiqlarga qaramay yetimxona farroshi janob Sheybeldan shaxmat oʼynashni oʼrgandi va favqulodda bu ­oʼyinga mehr qoʼydi.
Tabiatan yolgʼizlikka moyil asar qahramoni tunlarni xayolan shaxmat taxtasi ustida oʼtkazar, donalarni koʼz oldida gavdalantirar, uning butun fikru xayolini oʼyinning ohanrabosi oʼziga band qilgandi.
Kitobxon kichkina jussali Elizabetni koʼz oldiga keltirarkan, shafqatsiz oʼyinlar, shafqatsiz yurishlar, shafqatsiz hujumlar qarshisida mardonavor turgan qizaloqning irodasiga tan bermaslikning ilojini topolmaydi. Oʼz navbatida Elizabet ham har bir oʼyinga raqiblari kabi shafqatsiz munosabat bilan javob qaytaradi.
Hayotning turli zarbalarini metin irodasi orqali chetlab oʼtgan Elizabet obrazi shaxmat oʼynashga ishtiyoq uygʼotishi bilan bir qatorda, oʼquvchini qatʼiyat va kuchli xohish-istak albatta muvaffaqiyat keltirishiga ishontiradi, maqsad sari dadil qadam tashlashga umidlantiradi.