Gruziyaning isloh qilish retsepti juda oddiy va tushunarli boʼlib chiqdi: holbuki faoliyat koʼrsatmayotgan, korruptsiyadan yemirilib ketgan biror tashkilot mavjud ekan, vaziyatni toʼgʼrilashning yagona yoʼli uni tugatish va yangisini tashkil etishdir.
“Islohotlarni asta-sekinlik bilan, bosqichma-bosqich amalga oshirish kerak, deya maslahat bergan bizga xayrixoh yevropaliklarning maslahatlariga quloq solmadik. Biz juda dagʼal harakat qildik va Ichki ishlar vazirligidan bir kunda 15 ming xodimni ishdan boʼshatdik”, – deya eslaydi ichki ishlar vaziri Vano Merabishvili.
Imtihonlar, testlar, suhbatlar talabgorlarning eng yaxshilarini saralab olish imkonini berdi. Yangi avtomobillar sotib olindi, yangi maxsus kiyim ishlab chiqildi va politsiya uchastkalarini taʼmirlash boshlandi. Ilgari maoshlari 20 dollar boʼlgan politsiya xodimlarining ish haqi oʼn baravarga oshirildi. Vazirlikda oʼz-oʼzini nazorat qilish tizimi – poraxoʼrlik faktlarini ichki tekshiruvdan oʼtkazuvchi bosh inspektsiya tashkil etildi. Ilgari holat shunday ediki, natijada politsiyachi korruptsiyadan qochib qutula olmasdi: oddiy xodim oʼzi yiqqan oʼljani yuqoriga, yuqoridagi esa oʼz navbatida zanjirma-zanjir yanada yuqoriga uzatishi kerak edi.
