Kitobning birinchi qismini o’qiganimda sarguzasht asardak tuyuldi. Hattoki, bir o’tirishda tugatish ham mumkin degan hayolga bordim. Maktabni yaqinda bitirib urushga jo’natilgan bolalarning front yaqinidagi sho’xliklari zavqli, qiziq, tez mutolaadan darak berardi.
Lekin urush sahnalari boshlanganidan keyin xato qilganimni tushundim. Urush daxshatlari, yaralanish, o’lim, tirik qolish umidi… Bular shu qadar mahorat bilan tasvirlanganki, beixtiyor urushga, okop ichiga tushib qolasiz. O’zimdan 5-6 yosh kichik bolalarning snaryadlar, o’qlar yomg’iri ostida qolishini, yarador bo’lib, azoblanib jon berishini jimgina kuzatib turish juda og’ir. Urush sahnalarini o’qish og’ir, bir o’tirishda bir necha betdan ko’proq o’qiy olmadim. Keyin bu daxshatli muhitdan chalg’ish kerak bo’lardi.
Kitob urush boshlagan davlat ya’ni Germaniya askarining tilidan hikoya qilinadi. Bunda Germaniya boshladi deganda hukumat tepasida o’tirgan va hech qachon qo’lida qurol ko’tarib, okopda yotmaydigan amaldorlar boshlaganini tushunamiz. Qo’lida qurol bilan har kuni o’lim bilan yuzlashayotgan bu bolalarning bunda mutlaqo aybi yo’q. Urush boshlashdan oldin ulardan so’rab o’tirishmadi va urushga yuborishdan oldin ham. Ular nima uchun urush boshlanganiyu, nima uchun urushayotganlaridan, umuman bu urushning nima keragi borligidan bexabar.
Bolalarni qiynaydigan asosiy masala urushning qachondir tugashi. Chunki endigina maktabni tugatib, kasb egallaydigan paytlari kelganda ularni urushga, odam o’ldirishni o’rganishga yuborishdi. Professional qotil bo’lib yetishganlaridan so’ng tinchlik zamonida qanday hayot kechirishadi. 4-5 yillik urushni deb butun umrlari rasvo bo’ldi.
Odatda, urush haqidagi kinolar, kitoblarda askarlarning qahramonlimlari, «vatan» uchun yuzlab odamlarni qirib yuborishi tasvirlanadi. Bu kitobda bo’lsa otishma tugaguncha shunchaki yerga qapishib olish, dushman kelganda o’zini o’lganga solish kabi voqealar hikoya qilinadi va aynan shu voqealar anchagina tabiiyroq, haqiqatga yaqinroq, mening nazarimda.
Odatda tarix g’oliblar tomonidan yoziladi. Bu kitob esa sizga mag’lub tomon va urushning asosiy aybdori bo’lgan tomonning askarlari hayotiga, kechinmalariga, azoblariga nazar solish imkonini beradi.
