Bir kuni baxtimni izlab topaman!

Uncategorized

Oshiq yuragimda tuygʼular bisyor,
Ishqning yobonida yolgʼiz chopaman.
Koʼnglimdagi malak, xayoldagi yor,
Bir kuni men sizni izlab topaman!

Xayollar dashtidan kelmasman bugun,
Sizga deya gullar termasman, bugun,
Balki ismingizni bilmasman bugun,
Bir kuni men sizni izlab topaman!

Tikon terdim goho qalb gulzoridan,
Sira toliqmadim dil ozoridan,
Аxtarsam ham sizni ishq bozoridan,
Bir kuni men sizni izlab topaman!

Sizga oshiq soʼzim har dam oroda,
Yetgay bu jonimda sabru-iroda,
Mayli Shoshda boʼling, yo Buxoroda,
Bir kuni men sizni izlab topaman!

Sizning visolingiz zirhda boʼlsa ham,
Yetgayman, kunchiqar, ufqda boʼlsa ham,
Oʼttizda boʼlsa ham, qirqda boʼlsa ham,
Bir kuni men sizni izlab topaman!

Sogʼinchli oylarim, yillarim bilan,
Vaslingizga yetar yoʼllarim bilan,
Muhabbat haqdagi sheʼrlarim bilan,
Bir kuni men sizni izlab topaman!

Iltimos, jonimni firoqlab ketmang,
Javobsiz izhorim soʼroqlab ketmang,
Siz mendan qanchalar yiroqlab ketmang,
Baribir, men sizni izlab topaman!

Dardmand qalbingizga malhamingizman,
Shodlik, quvonch, alam ham gʼamingizman,
Qayda boʼlsangiz ham Hamdamingizman,
Bir kuni men sizni izlab topaman!

✍️Hamdam Аllayor