Bugun 10 aprel – Аbdulla Qodiriy tugʼilgan kuni.
Bu sheʼrni 21 yoshida yozgan ekanlar, afsuski oradan yuz yil oʼtsada oʼzgarish yoʼq. Sheʼr bugungi kunimiz uchun ham dolzarb.
АHVOLIMIZ
Koʼr bizning ahvolimiz, gʼaflatda qanday yotamiz,
Joyi kelgan chogʼida vijdonni pulgʼa sotamiz.
Oʼgʼlimizgʼa na adab, na fan, na yaxshi soʼylamak,
Na xudoni buyrugʼi bulgan ulum oʼrgotamiz.
Korimiz shundan iborat boʼldi ushbu vaqtda,
Oʼntadin bedona boqib yozu qish sayrotamiz.
Hamda har kun takyalarda nasha koʼknori chekib,
Bachchagʼa kokil solib, oh-voh ila oʼynotamiz.
Qarimiz, boyonimiz, balki bu vaqt oqvondamiz,
Nogahon koʼrsak agar bir besoqolni qotamiz.
Oʼrtadan chiqsa agar millatni yaxshi suyguchi,
Biz ani dahriy sanab, toʼfangcha birla otamiz.
Kelingiz yoshlar, ziyolilar bu kun gʼayrat qiling,
Uxlaganlarni agar qodir esak uygʼotamiz.
Ulum-ilmlar.
1915 yil
