DARSDAN SOʼNG
Kimnidir koyidi chekkani uchun.
Tortib olib qoʼydi gugurtini ham.
Mashq daftarlarini yigʼdi-da, soʼngra
Bir-bir sanab koʼrdi. Yetti daftar kam.
«Har gal shunday ahvol. Uyalmaysizmi?
Kelasiz oʼqishmas, qilish uchun sayr.
Bu safar ham ikki qoʼymay turaman,
Ertaga qolganlar topshirsinlar. Xayr».
Qish kuni — bir tutam. Qoraygandi qosh.
Ikkilandi. Oʼtmak kerak, axir, qirdan.
Eri ham kelmadi olib ketishga
«Koʼngli sovidimi…» — vahm etdi birdan.
Hamkasb dugonasi qistovga tutib,
«Tunab keting, — dedi . — Kech boʼlib qoldi»
Koʼnmadi. Qoʼltiqlab mashq daftarlarni
Uyga yolgʼiz oʼzi yayov yoʼl oldi.
Ovul tugab, endi qirga chiqqanda
Oqshom quyuq edi, atrof sim-siyoh.
Yoʼldan qaytmoqchi ham boʼldi bir oʼyi.
«Oʼgʼlim xastalanib qoldimikan yo…»
Yuragini battar vahima bosdi,
Qamradi tundan ham battar bir qoʼrquv.
Oʼnqirmi, choʼnqirmi, oʼrmi, qir demay
Yana ketaverdi, ketaverdi u.
Mudhish bir sharpani ilgʼadi nogoh,
Razm solsa qashqir. Qilardi taʼqib,
Esladi yirtqichning qoʼrqishin oʼtdan,
Iziga bir daftar tashladi yoqib.
Qashqir toʼxtab qoldi. Soʼng — yana, yana,
Muallima omon topgan bu olov
Yirtqichga berardi ilojsiz sabr.
Yoʼlovchi — yoqardi, qashqir — toʼxtardi,
Tin olardi ikkov har daftarda bir.
Yoʼl uzoq, tun qaro, qashqir esa och,
Och yirtqich bilarmi nadir sadoqat.
Uyga yaqin qolgan vaqtda tugadi
Muallimda daftar, qashqirda — toqat.
Uvvos figʼon tutdi qishloqni tongda,
Zamin aza ochdi, zamon yigʼladi.
Daftar topshirmagan yetti oʼquvchi
Hammadan ham yomon yigʼladi.
Noʼnoq nazmim uchun afv et, xalqim,
Na olim, na fozil, na soʼz piriman.
Oʼz vaqtida daftar topshira olmay
Qolgan bolalarning biriman.
Men yaxshi bilaman, tumor qilmaydi
Yozgan sheʼrlarimni oshiqlar.
Men yaxshi bilaman, qoʼshiqlarim joʼn,
Bilaman, bular bir oddiy mashqlar.
Lekin… ketmakdasan kelajak sari
Tap tortmay qismatning dasht, qirlaridan.
Oʼzimcha asragim keladi seni
Yovuzlik, xiyonat qashqirlaridan.
Men mashq bajaraman, yozaman har kun
Daraklar, soʼroqlar, xitoblarimni.
… Sen yoʼl boʼyi yoqib tashlab ketaver
Qashqirlar qoʼrqquvchi kitoblarimni.
Matnazar Abdulxakim.