U otasini yoʼqotgandan keyin koʼp oʼtmay yurak xuruji bilan shifoxonaga yotqizildi. Judayam azobli va alamli, qaygʼuli va dardli boʼlar ekan yaqin insoningdan ayrilish…
Taqdirni qarangki, uning shifoxonadagi hamxonasi ham azador boʼlib, onasini yoʼqotibdi xuddi shu vaqtda… Davolovchi shifokor bemorlarni nazorat koʼrigidan oʼtkazayotgan bir paytda bu xonadagi ikki yarim yetimlar bir-birlari bilan xasratlashib, koʼzlari jiqqa yoshga toʼlgandi…Otadan ayrilish qiyin ekan, haligacha ishonolmayapman, otam mening suyangan togʼim edilar, – derdi birinchisi oʼkirib yigʼlab.
Onam oʼzlari bilan mening jon tolamni ham olib ketdilar, onam mening duogoʼyim edilar, – derdi ikkinchisi xoʼngrab yigʼlab.
Yoshi ulugʼ boʼlgan shifokor ularning dardlariga sherik boʼlgan holda ikkala bemorni ham yupatishga harakat qildi.
Ukalarim, dardlaringizga sherikman, bandalik, Аllohning irodasi, taʼziyamni qabul qilinglar. Shifoxonaga tushishingizning asl sababini ham bilaman, ota-onangizni judayam yaxshi koʼrgansiz, hammaga ham sizlardek mehrli farzand bersin… Bilaman, baribir ularni bir umr unutmaysiz, hamisha qalbingizda saqlaysiz. Lekin bir narsani aytmoqchi edim. Dunyoda toʼkis baxtli inson yoʼq ekan… Barchamiz kimnidir yoʼqotganmiz… Shuning uchun tiriklarning qadriga yetaylik. Mana sizning yoshingiz 50 ka borayapti, siz esa 46 ga kirdingiz. Sizning onangiz hayotlar, sizning esa otangiz… Mening esa ota-onam qazo qilib ketishgani ancha yillar boʼlgan. Otamdan ayrilganimda 25 yosh edim, onamni yoʼqotganimda endigina 29 yoshda edim… Men ota-onamga toʼymay qolganman. Ularni yoʼqotganimda dunyo koʼzimga tor va qorongʼu boʼlib koʼringan, lekin… ularning porloq xotirasi uchun yashadim. Sizlarda hali ham kimingizdir bor. Sizning onangiz, sizning otangiz. Ularning qadrlariga yeting, bunaqa kasal boʼlib oʼtirmanglar, ularning yuraklarini siqib… Undan koʼra hayotlarining har bir kunlarini bayramga aylantiringlar, hoziroq qoʼngʼiroq qilinglar, xabar olinglar…
Shifokorning bu gaplari ikkala bemorga ham qattiq taʼsir qilib, qoʼllariga telefonlarini olishdi…
BEHZOD HOJIMАTOV.