Oʼta murakkab shaxs – Chingizxon nomi tarix kitoblarida xunrezlik soʼzi bilan hamohang yangraydi. Chingizxon va uning avlodlari quruqlikning beshdan bir qismini qilich bilan egallab, ne-ne mamlakatlar va shaharlarni tarix sahnidan supurib tashlagani, uning ortidan qonga botgan, huvillagan kimsasiz vayronalar qolgan. Аna shunday dongdor va shafqatsiz sarkarda qanday umr yoʼlini bosib oʼtgan edi?
Xoʼsh, nihoyatda ogʼir kechgan bolalik va oʼsmirlik yillari Temuchin – Chingizxon hayotini qaysi oʼzanga boshladi? Boʼyniga nohaq qullik tamgʼasi osilgan oʼspirin – Temuchin qalbidagi tugʼyonlar, ongini egallagan oʼy-fikrlar nimalardan iborat edi? Qanaqa inson boʼlib yetishish borasida uning oldida qanday tanlovlar bor edi, tanlovlar bor edimi oʼzi?
Buryatiyalik yozuvchi Isay Kalashnikovning “Shafqatsiz asr” romani ana shu savollarga atroflicha javob olishingizga koʼmakchi boʼladi. Chingizxon shaxsi va uni shakllantirgan muhitni qalban his qilasiz.
Chingizxon shaxsiga mutlaqo yangi rakursdan qarashga, tarixni xolis tadqiq va tahlil qilishga undaydigan, Temuchinning kelib chiqishi va hayoti, dunyoqarashi, amallari, kechinmalari haqida bir butun, batafsil maʼlumot beradigan, mustaqil xulosalarga ega boʼlishga chorlaydigan mazkur noyob tarixiy romanni, albatta, mutolaa qiling! Shafqatsiz asr, deya taʼrif berilgan XIII asr voqealari girdobida bir yashab koʼring!
