17-may-Buyuk shoira Halima Xudoyberdieva tavallud Topgan kun!

Uncategorized

Onaginam!
Dorilamon kunlar kuldi, shafaqlari ol,
Qayon boqsang, shaylanishlar va sozlashlar tor.
Olcha gulin koʼzlaringga surtasan behol:
«Bu kunlarga yetganlar bor, yetmaganlar bor».

Soʼlgʼin-soʼlgʼin lablaringdan ucharkan shu soʼz,
Otaginam xayolimda rostlay boshlar qad.
Dorilamon kunlarga qayt, onam, yumib koʼz,
Oʼksik dilda boshlanmasin desang qiyomat.

Bu tabiat suyumlidir ham koʼzlari koʼr,
Goh sharobdan, goh ogʼudan qilar bizni mast.
Belginangga tirgak boʼlay, onajonim, tur,
Dorilamon quyoshga boq, unga qasdma-qasd.

Yuzing ardoqli quyoshday issiq va mahvash.
Koʼzlaringda umid yonar tikilgan oni,
Qorli kunlar bilan ketsin dilingdagi gʼash,
Qizgʼish, lola rang qoplaydir bu kun dunyoni.

Bu dunyoning qir-darasin xosiyati moʼl,
Yerni yalang oyoq bossang yayraydi taning.
Yashamoq — bir tansiq taom, unga ursang qoʼl,
Borgan sari ochiladir ishtahang saning.

Bogʼlardagi yetilgusi har mevali shox,
Rizqdir bizga, rizqqa doim dil ilinjliqdir.
Oʼgʼlonlaring kelar, ana, ochishib quchoq,
Oʼgʼlonlaring meva qadar bir shirinlikdir.

Onaginam! Oʼzing tortma davralardan, el chorlaganda,
«Tiriklikning bayrami», deb sozlanganda tor.
Oʼzing soʼlgʼin lablar bilan pichirlaganday:
«Bu kunlarga yetganlar bor, yetmaganlar bor».